logotip
Привет, Гость!
Сейчас: 10:45
Вход Регистрация
РЕКОМЕНДУЕМ
Спортивные новости (new)
Новостная лента

Messi eri halok bo'lgan jurnalist ayolga yordam taklif qilgani ma'lum bo'ldi

 4 SENTYABR, 2026, 10:00

Jurnalist Veronika Brunati Messining Argentina terma jamoasidan ketishi ortidan 39 yoshli futbolchiga minnatdorlik bildirib maqola yozdi.

Brunati, shuningdek, 2014 yilda eri — jurnalist Xorxe «El Topo» Lopes halok bo'lganidan keyin Messi unga qanday yordam taklif qilganini ham esladi. Lopesni politsiya ta'qibidan qochayotgan jinoyatchilarning mashinasi taksida ketayotgan paytida urib ketgan edi.

«Men bir necha kun yoza olmadim. So'z topa olmadim. Farzandlarimga Messi va ularning otasi haqida eslab qolishlarini istagan bir narsani aytib bermoqchiman. Va o'ylayman: bugun El Topo nima deb yozgan bo'lardi?

Onam menga qaraydi. Men uni yaxshi ko'rishimni aytaman. Televizor orqali unga qo'l siltab, Messi haqida gapiraman. Uni yaxshi ko'rishimni his qilaman. Va u terma jamoa o'yinlarini yoritish uchun Messi bilan birga maydonga chiqqanimni ko'rgan paytlarini eslayman.

Oyi, seni yaxshi ko'rishimni etarlicha aytganmanmi? U men bilan Braziliya, Chili, AQSh, Rossiya va boshqa ko'plab mamlakatlarda bo'lgan. Ishimni bajara olishim uchun farzandlarimga qarashishda yordam bergan.

Men hali ham tushuntirish uchun so'z topa olmayapman — hatto nimani tushuntirishni ham bilmayman: umrimning yarmini Messi bilan birga Argentina terma jamoasini yoritishga bag'ishladim. Messi biz uchun hamma narsa edi. Bizni ilhomlantirgan hamma narsa. Bizga umid bergan hamma narsa. O'zining xarakteri bilan bizga o'rgatgan barcha qadriyatlar. Chunki Messining inson sifatidagi obro'-e'tibori beqiyos.

Messi tufayli hayotim yaxshiroq bo'ldi. El Toponing ham hayoti. Farzandlarimning ham hayoti. Chunki Messi — baxtning noyob timsoli.

El Topo bilan bog'liq voqeadan keyin Messi meni Joan Gamper nomidagi mashg'ulot bazasiga taklif qildi. U men bilan salomlashdi, quchoqladi va: “Men sen, Agus va Lusiya uchun nima qila olaman?” deb so'radi. U farzandlarimning ismlarini eslab qolgan edi! Men hayron qoldim. Nima deyishni bilmasdim. Lionel Messidan nimani so'rashim mumkin edi? Bilmasdim.

U: “Men sizlarga yordam bermoqchiman. Ular uchun nima qila olaman?” dedi. Men esa: “Lionel Messi bo'lib qol. Farzandlarim seni ko'rganda xursand bo'lishadi, Leo. Bolalarim tez-tez yig'lashadi. Men ularning yana kulganini ko'rishni xohlayman, xolos”, deb javob berdim. Leo menga qarab: “Yo'q. Yana bir narsa bor, Vero...” dedi.

Men: “Agar boshqa ish topa olmasam, agar hammasi qiyinlashib ketsa, rezyumemni otangga yuboraman. Qasam ichaman”, dedim. Men unga hech qachon tubanlikka tushib qolganimni aytmaganman. Yolg'iz holda keyin qanday yashashni bilmayotganimni ham hech qachon aytmaganman. U esa turib oldi.

“Xo'p”, dedim unga, “bir kuni sen Agus va Lusiya bilan uchrashasan. Bu ularni hech narsa kabi xursand qila olmaydi”. Va men haq edim.

Messi — ana shunday quvonch. U haqida sayohat qilib, xabarlar tayyorlashdan juda baxtli edim. O'zimni superonaday his qilardim. Bunday deyayotganim ajoyib tuyulishi mumkin, ammo bu haqiqat. Messi menga ilhom berdi. Kuchim qolmagan paytlarda menga kuch bag'ishladi.

U meni hatto tasavvur ham qila olmagan ishimga undadi: ikki nafar kichik farzandim bilan yolg'iz holda dunyo bo'ylab sayohat qilish, terma jamoa ortidan borish. O'nlab safarlar, yuzlab o'yinlar, mikst-zonalar, intervyular, qanchadan-qancha mamlakatlar. Uyqusiz, ovqatsiz, dam olmasdan o'tgan shuncha kunlar. Shuning uchun men uning juda-juda baxtli bo'lishini istayman. Va unga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Har doim. Hamma narsa uchun.

Messi — argentinalik. Ammo ba'zida uni Jahon merosi ob'ekti deb e'lon qilish kerak, deb o'ylayman. Chunki u terma jamoada o'ynashni to'xtatsa ham, qachondir futbolni tark etsa ham, hech kim undan tortib ololmaydigan bir narsa bor: u bizga sovg'a qilgan baxt. U bizga hali ham ulashib kelayotgan baxt. U farzandlarimga bergan baxt, El Topoga bergan baxt, menga bergan baxt.

Balkim, bu uning eng buyuk merosidir. Sovrinlar emas. Rekordlar emas. Gollar emas. Baxt. Boshqalarga baxt ulashish. Abadiy davom etadigan baxt.

Senga rahmat, Leo. Hamma narsa uchun. Va sen bilan uchrashish baxti nasib qilgan bizlarning hayotimizni biroz bo'lsa-da baxtliroq qilganing uchun», — deya Brunati so'zlarini Infobae keltiradi.

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
ЗАБАВНЫЕ ФАКТЫ И ЦИТАТЫ