"Atletiko" Alvaresni "Barsa"ga taklif qilishga tayyorlanmoqda
3 SENTYABR, 2026, 18:36
El Chiringuito TV jurnalisti Xose Alvaresning xabar berishicha, Xulian Alvaresning atrofidagilar "Atletiko" argentinalik hujumchini yanvar oyida "Barselona"ga taklif qilishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Jurnalistning qo'shimcha qilishicha, qishki transfer oynasida "Barselona" Xulian Alvaresni xarid qilish uchun moliyaviy feyr-pley bilan bog'liq cheklovlarga duch kelmasligi kutilmoqda.
Yozda "Atletiko" futbolchining xohishiga qaramay, uning "Barselona"ga o'tishiga to'sqinlik qilgan edi. Shundan so'ng Alvares va Madrid klubi o'rtasidagi munosabatlar ham sovuqlashgani aytilmoqda.
26 yoshli hujumchi kelajakda "Barselona" safida o'ynash orzusidan hali ham voz kechmagan. Kataloniya klubi ham uni transfer qilishga qiziqish bildirmoqda.
Xabarlarga ko'ra, "Barselona" kelgusi transfer oynalarida imkoniyat paydo bo'lsa, Alvaresni xarid qilish uchun katta mablag' sarflashga tayyor.
"Atletiko"ning "Yuventus"dan Jonatan Devidni transfer qilgani ham Madrid klubi Alvaresga o'rinbosar tayyorlayotganining belgisi bo'lishi mumkin.
