«PSJ» darvozaboni APL va A Seriya klublariga taklif qilindi
3 AVGUST, 2026, 09:00
«PSJ» darvozaboni Lyuka Shevale joriy transfer oynasidayoq klubini o'zgartirishi mumkin. Bu haqda insayder Nikolo Skira X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog'ida ma'lum qildi.
Manba bergan ma'lumotlarga ko'ra, 24 yoshli frantsuz darvozaboni Angliya Premer-ligasi hamda Italiya A Seriyasining bir nechta klublariga taklif etilgan.
Shu bilan birga, ilgariroq «PSJ» Shevale bilan xayrlashishni rejalashtirmayotgani haqida xabar berilgan edi. Biroq insayder Fabritsio Romanoning ta'kidlashicha, Parij klubi «Parma» darvozaboni Sion Suzukining vaziyatini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda va uning transferi uchun katta miqdordagi mablag' taklif qilishga tayyor.
Shevale o'tgan yilning yozida «Lill»dan «PSJ»ga 40 million evro evaziga ko'chib o'tgan edi. U parijliklar safida 28 ta o'yinda maydonga tushib, o'z darvozasidan 28 ta to'p o'tkazib yubordi va 10 marotaba darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
O'tgan mavsumning ikkinchi yarmida frantsuz futbolchisi asosiy tarkibdagi o'rnini boy berib, birinchi raqamli darvozabon pozitsiyasini rossiyalik kiper Matvey Safonovga topshirib qo'ydi.
Manba: stadion.uz
