«Fenerbaxche» ustozi: «So'nggi daqiqada gol o'tkazib, muxlislarimizni xafa qildik»
21 OKTYABR, 2026, 05:34
«Fenerbaxche» bosh murabbiyi Ismail Kartal Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 3-turida «Slaviya»ga qarshi o'yinda jamoasining harakatlariga baho berdi.
Uchrashuv 20 oktyabr kuni Istanbulda bo'lib o'tdi va 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Turkiya jamoasi ikkinchi golni 90-daqiqada o'tkazib yubordi.
«Biz o'yinni juda yaxshi boshladik va 2:0 hisobida oldinga chiqib oldik. Yirikroq hisobda ham g'alaba qozonishimiz mumkin edi. Futbolchilar bor kuchlarini berishdi.
Bizda har qanday jamoaga munosib qarshilik ko'rsatish uchun etarli salohiyat bor. Biz juda qattiq kurashdik va ayrim vaziyatlarda juda yaxshi o'ynadik.
So'nggi daqiqada gol o'tkazib yuborganimiz va muxlislarimizni uylariga xursand holda kuzata olmaganimizdan juda xafamiz», — deya Kartalning so'zlarini keltiradi UEFA matbuot xizmati.
«Fenerbaxche» 2 ochko bilan Chempionlar ligasi umumiy bosqichi turnir jadvalida 25-o'rinni egallab turibdi. Jamoa musobaqadagi navbatdagi uchrashuvini 4 noyabr kuni «Liverpul»ga qarshi o'tkazadi.
Manba: stadion.uz
