Alaba qachon safga qaytadi?
20 OKTYABR, 2026, 20:36
«Udineze» himoyachisi David Alaba jamoa safida ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushganidan keyin jarohat oldi.Avstriyalik futbolchi sentyabr oyi oxirida erkin agent sifatida «Udineze»ga qo'shilgan edi. Alaba avval «Torino»ga qarshi bahsda zaxiradan maydonga tushgan, «Lechche» bilan uchrashuvda esa ilk bor asosiy tarkibda harakat qilgan. Biroq u birinchi bo'limdan keyin almashtirildi.
Klub ma'lumotiga ko'ra, futbolchining o'ng boldir mushagida zo'riqish aniqlangan. U tiklanish jarayonini boshladi, holati har hafta baholanadi. Aniq qaytish muddati ma'lum qilinmagan, ammo Alaba yakshanba kuni «Milan»ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi. 28 oktyabrdagi «Parma»ga qarshi bahsda ham ishtirok etishi so'roq ostida.
Italiya matbuoti himoyachi noyabr oyidagi terma jamoalar tanaffusigacha safga qaytmasligi mumkinligini yozmoqda.
