«Al-Ittihod» Braim Dias bo'yicha taklif tayyorlamoqda
20 OKTYABR, 2026, 19:42
Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubi «Real» futbolchisi Braim Diasni o'z safiga qo'shib olishdan manfaatdor va uning uchun 25 million evro taklif qilishga tayyor. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur xabar bermoqda.
«Al-Ittihod» hujumning o'ng qanotini kuchaytirishni rejalashtirmoqda va marokashlik futbolchini transfer bozoridagi asosiy maqsadlaridan biri sifatida ko'rmoqda.
Joriy mavsum boshlanganidan buyon madridliklar hujum chizig'idagi yuqori raqobat tufayli Dias kutganidan kamroq o'yin vaqtiga ega bo'lmoqda. Shunga qaramay, manba ma'lumotlariga ko'ra, futbolchining o'zi «Real»da qolishni va asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashni davom ettirishni afzal ko'radi.
Diasning «Real» bilan shartnomasi 2027 yil iyun oyiga qadar amal qiladi. Ayni paytda klublar o'rtasida rasmiy kelishuv mavjud emas.
