«Yaqin orada uni maydonda ko'rmaysizlar» — Tantashevga chora ko'rilishi kutilmoqda
20 OKTYABR, 2026, 16:30
«Paxtakor» ishtirokidagi uchrashuvda jamoa darvozasiga noto'g'ri penalti belgilangani hamda raqib futbolchisi Vanya Ilich ikkinchi bo'limda maydondan chetlatilishi kerak bo'lgani ma'lum qilindi.
Bu haqda «Paxtakor» klubi O'zbekiston futbol hakamlari markazi (O'zFHM) va Professional futbol ligasi (PFL) vakillari bilan «Zoom» platformasida o'tkazilgan uchrashuvdan so'ng xabar berdi.
Klub ma'lumotiga ko'ra, hakamlar markazi vakili Farhod Abdullaev «Paxtakor» rasmiy kanallarida e'lon qilingan bahsli vaziyatlar aks etgan videolarning aksariyatida bildirilgan e'tirozlarni asosli deb topgan.
Xususan, uchrashuv boshida Vanya Ilichning Doston Hamdamovga nisbatan qo'pol harakati uchun bosh hakam Ilgiz Tantashev sariq kartochka ko'rsatishi lozim bo'lgan.
Shunday qaror qabul qilinganida, Ilich 58-daqiqada ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatilishi kerak edi. O'sha vaqtda hisob 1:0 ko'rinishida «Paxtakor» foydasiga bo'lgan.
Shuningdek, ikkinchi bo'limda Muhammadqodir Hamralievning Abdurauf Bo'rievga tirsagi bilan qo'pol harakat qilgani ham muhokama qilindi. Mazkur vaziyat qizil kartochkaga tortilmasa-da, futbolchi sariq kartochka bilan ogohlantirilishi kerakligi tan olingan.
Eng katta e'tiroz esa «Paxtakor» darvozasiga belgilangan penalti bilan bog'liq bo'ldi.
Klubning ta'kidlashicha, VAR hakami Firdavs Norsafarov ushbu vaziyatda penalti yo'qligini bildirgan. Biroq FIFA hakami Ilgiz Tantashev epizodni monitor orqali qayta ko'rganiga qaramay, 11 metrlik jarima zarbasini belgilagan.
«Paxtakor» ushbu qarorni professional hakamlik talablariga zid harakat sifatida baholamoqda.
Uchrashuv davomida klub vakillari Tantashevga nisbatan qanday chora ko'rilishini ham so'rashgan.
Bunga O'zFHM vakillari «Yaqin orada uni maydonda ko'rmaysizlar», deya javob qaytargan.
