«Real»ning ikki transferi o'zini oqlamadi
20 OKTYABR, 2026, 13:48
Madridning «Real» klubi 2024 yilning oktyabrida Dani Karvaxal og'ir tizza jarohatini olganidan buyon o'ng qanot himoyasidagi muammoni to'liq hal qila olmayapti.
Klub ushbu pozitsiyada barqarorlikni ta'minlash maqsadida bir qator yirik transferlarni amalga oshirdi. Biroq Trent Aleksandr-Arnold ham, Denzel Dumfris ham asosiy tarkibdagi o'rnini mustahkamlay olmadi. «Barselona»ga qarshi «El-Klasiko» arafasida mazkur muammo yana kun tartibiga chiqdi.
Dastlab madridliklar 2025 yilning yozida Aleksander-Arnoldni o'z safiga qo'shib oldi. Angliyalik futbolchining «Liverpul» bilan shartnomasi yakunlanishiga oz qolgan bo'lsa-da, «Real» uning transferi uchun 10 million evro to'ladi.
Bu kelishuv futbolchining Klublar o'rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishiga imkon berdi. Biroq uning maydondagi harakatlari kutilgan darajada ishonchli bo'lmadi.
Xabi Alonso bosh murabbiylik qilgan davrda Federiko Valverde ham o'ng qanot himoyasida o'ynashga majbur bo'lgan. Bu qaror urugvaylik futbolchining noroziligiga sabab bo'ldi. U hatto omma oldida «Men bu pozitsiyada o'ynash uchun tug'ilmaganman», deya bayonot bergan edi.
Alvaro Arbeloa kelganidan so'ng Valverde o'zining odatiy yarim himoyachi pozitsiyasiga qaytdi. Ammo Aleksander-Arnoldning o'yini bilan bog'liq shubhalar saqlanib qoldi.
Natijada «Real» yana transfer bozoriga murojaat qilib, «Inter» himoyachisi Denzel Dumfrisni sotib olish uchun uning shartnomasida belgilangan 25 million evrolik tovon pulini to'ladi.
Biroq niderlandiyalik futbolchi ham Joze Mourinoning to'liq ishonchini qozona olmadi.
Bu holat «Sevilya»ga qarshi so'nggi uchrashuvda yana bir bor ko'zga tashlandi. Portugaliyalik mutaxassis Aleksander-Arnold va Dumfrisni zaxirada qoldirib, o'ng qanot himoyasida yana Valverdeni maydonga tushirdi.
Shu tariqa, ikki futbolchining transferi uchun sarflangan jami 35 million evro hozircha «Real» himoyasidagi muhim muammoni hal qilishga yordam bermadi.
«Barselona»ga qarshi «El-Klasiko» arafasida Mourino yangi taktik echim ustida ishlamoqda.
Rejaga ko'ra, Valverde o'ng qanot hujumchisi sifatida harakat qilishi, Dumfris esa uning ortida himoyada joylashishi mumkin.
Bunday taktik tuzilma «Barselona»ning ayni paytda yaxshi o'yin ko'rsatayotgan hujumchisi Rafinyani zararsizlantirish maqsadida ishlab chiqilmoqda.
Mazkur vaziyat «Real» hali ham o'ng qanot himoyasi uchun maqbul echim izlayotganini ko'rsatmoqda. Katta mablag' evaziga xarid qilingan himoyachilarning o'yini esa jiddiy tanqid va muhokamalarga sabab bo'lmoqda.
