Senegal Afrika kubogi chempionligini qaytarib oladimi? CAS qaror sanasini ma'lum qildi
20 OKTYABR, 2026, 10:30
Sport arbitraj sudi (CAS) Senegal terma jamoasining 2026 yilgi Afrika millatlar kubogi chempionligidan mahrum etilgani yuzasidan bergan shikoyati bo'yicha yakuniy qarorni noyabr oyi oxirida e'lon qilishni rejalashtirmoqda.
Sudning dushanba kuni ma'lum qilishicha, 8 oktyabrda Shveytsariyaning Lozanna shahrida Senegal, Marokash va Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) vakillari ishtirokida o'tkazilgan eshituvdan so'ng ish bo'yicha to'liq huquqiy xulosa tayyorlanmoqda.
Dastlab qaror eshituvdan keyin bir necha kun ichida e'lon qilinishi kutilgan edi. Biroq CAS masala yuzasidan barcha huquqiy asoslarni o'z ichiga olgan to'liq arbitraj qarorini tayyorlashga qaror qildi.
"Ushbu jarayon bir necha hafta vaqt talab etadi. Sport arbitraj sudining yakuniy qarori 2026 yil noyabr oyi oxirida e'lon qilinishi kutilmoqda", — deyiladi sud bayonotida.
Mojaro joriy yilning yanvar oyida Rabot shahrida bo'lib o'tgan Afrika millatlar kubogi finalidan keyin yuzaga kelgan.
Senegal hal qiluvchi bahsda mezbon Marokashni qo'shimcha bo'limlarda 1:0 hisobida mag'lub etgan edi. Biroq keyinchalik CAF apellyatsiya qo'mitasi uchrashuv natijasini bekor qilib, Marokashga 3:0 hisobidagi texnik g'alabani taqdim etdi.
Bunday qarorga asosiy vaqtning so'nggi daqiqalarida sodir bo'lgan voqealar sabab bo'lgan.
Hakam Senegal darvozasi tomon penalti belgilaganidan keyin jamoa futbolchilari norozilik sifatida maydonni tark etgan. Ayrim o'yinchilar kiyinish xonasiga qaytgan va bahs taxminan 14 daqiqaga to'xtab qolgan.
Keyinchalik senegalliklar maydonga qaytib, uchrashuvni davom ettirishgan. Marokash belgilangan penaltidan foydalana olmagan, qo'shimcha bo'limlarda esa Senegal g'alaba golini kiritgan.
Shunga qaramay, CAF apellyatsiya qo'mitasi Senegalning maydonni tark etishini o'yindan bosh tortish sifatida baholab, chempionlikni Marokashga berish haqida qaror chiqargan.
Senegal futbol federatsiyasi 25 mart kuni ushbu qaror ustidan Sport arbitraj sudiga shikoyat kiritgan.
Senegal tomonining asosiy dalillaridan biri shundaki, uchrashuv bosh hakami o'yinni davom ettirishga ruxsat bergan va bahs to'liq yakunlangan. Shu sababli federatsiya maydonda qayd etilgan natija o'z kuchida qolishi kerakligini ta'kidlamoqda.
Ishni ko'rib chiqayotgan arbitraj hay'atiga frantsuz sport huquqi mutaxassisi Jerald Simon rahbarlik qilmoqda. Hay'at tarkibiga italiyalik xalqaro huquq professori Luiji Fumagalli va Tsyurix universiteti professori Ulrix Xaas ham kiritilgan.
Endilikda Senegal o'zining chempionlik unvonini tiklash imkoniyati bor-yo'qligini bilish uchun noyabr oyi oxirigacha kutishiga to'g'ri keladi.
