Ronaldu futbol oldidagi xizmatlarini inobatga olib, jazosini engillashtirishni so'radi
20 OKTYABR, 2026, 10:24
Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu intizomiy jazosini engillashtirishni so'rab, mamlakat futbol federatsiyasiga murojaat qildi.
Record nashrining xabar berishicha, 41 yoshli futbolchi o'zining futbol rivojiga qo'shgan katta hissasi va sportdagi yutuqlari jazoni yumshatish uchun asos bo'lishi kerakligini ta'kidlagan.
Avvalroq Ronaldu UEFA Millatlar ligasi doirasida Norvegiyaga qarshi o'tkazilgan uchrashuvdan so'ng intizomiy javobgarlikka tortilgan edi. Portugaliyaliklar 2:1 hisobida g'alaba qozongan bahsda bosh murabbiy Jorje Jezush tajribali hujumchini maydonga tushirmagan.
Shundan so'ng "An-Nasr" futbolchisi ruxsatsiz ravishda milliy terma jamoa qarorgohini tark etgan. Federatsiya mazkur harakati uchun uni bir oyga chetlatib, 255 evro miqdorida jarimaga tortgan.
Manba ma'lumotiga ko'ra, Ronaldu o'z harakati uchun belgilangan jazoni engillashtirish maqsadida uchta asosiy dalilni keltirgan.
Birinchisi — futbol rivojiga qo'shgan salmoqli hissasi, ikkinchisi — faoliyati davomida erishgan sport yutuqlari, uchinchisi esa mazkur ish bo'yicha haqiqatni aniqlashga hal qiluvchi hissa qo'shganidir.
Portugaliya futbol federatsiyasi dastlabki ikki dalilni asosli deb topgan, ammo uchinchi vajni rad etgan.
"Hodisaga oid ma'lumotlarning katta qismi ochiq manbalarda mavjud. Shu sababli uzoq va murakkab tekshiruv o'tkazishga zarurat bo'lmagan", — deyiladi federatsiya izohida.
Shu bilan birga, Ronaldu intizomiy jazoga tortilganiga qaramay, noyabr oyidagi milliy terma jamoa uchrashuvlariga chaqirilishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgan.
