Karrager «Arsenal»ning asosiy muammosini ochiqladi
20 OKTYABR, 2026, 09:00
«Liverpul»ning sobiq himoyachisi, hozirda futbol sharhlovchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Jeymi Karrager Londonning «Arsenal» klubi o'yinidagi asosiy kamchilik haqida fikr bildirdi.
Mikel Arteta shogirdlari yakshanba kuni Angliya Premer-ligasi doirasida «Nottingem Forest»ni safarda 1:0 hisobida mag'lub etdi. Uchrashuv taqdirini 80-daqiqada Noni Madueke tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi.
Ayni paytda «kanonirlar» 18 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o'rinni egallab turibdi. Londonliklar peshqadam «Manchester Siti»dan uch ochko ortda qolmoqda.
Karragerning fikricha, «Arsenal» kuchli tarkibga ega bo'lishiga qaramay, hujum chizig'ida o'yin taqdirini yakka o'zi hal qila oladigan yuqori saviyali yulduz futbolchi etishmayotganidan aziyat chekmoqda.
«Biz avval ham «Arsenal» ko'zga tashlanadigan darajada yorqin o'ynaydigan chempion emasligi haqida gapirganmiz. Jamoaga hozir ham raqib maydonining so'nggi uchdan bir qismida vaziyatni o'zgartira oladigan yulduzning sehri etishmayapti.
Yozda ular top-darajadagi futbolchini xarid qila olishmadi. Vinisius va Alvaresning ehtimoliy transferlari haqida gap-so'zlar bo'ldi, ammo bu kelishuvlar amalga oshmadi.
«Arsenal»ga hujumda haqiqiy yulduz kerakligi aniq. Yakshanba kungi o'yin ham buni yana bir bor isbotladi.
Ayrimlar Arteta himoyadagi ishonchlilikni ta'minlash maqsadida hujumchilarning erkinligini haddan tashqari cheklayotganini aytishi mumkin.
Biroq menimcha, «Arsenal» hozirda Angliyadagi eng kuchli tarkibga ega. Bu borada ular bilan raqobatlasha oladigan jamoa deyarli yo'q. Balki faqat «Manchester Siti» bundan mustasnodir», — deya Karragerning so'zlarini keltiradi Arsenal Radar.
Ma'lumot uchun, «Arsenal» navbatdagi uchrashuvini chorshanba kuni Chempionlar ligasi doirasida o'tkazadi. Londonliklar Myunxenda «Bavariya» mehmoni bo'ladi.
