Lempard «Tottenxem»dan uchralgan mag'lubiyatdan keyin hakam qaroriga e'tiroz bildirdi
20 OKTYABR, 2026, 09:00
«Koventri Siti» bosh murabbiyi Frenk Lempard Angliya Premer-ligasining 7-turida «Tottenxem»ga qarshi kechgan va 1:3 hisobidagi mag'lubiyat bilan yakunlangan uchrashuv yuzasidan o'z fikrlarini bildirdi.
Londonliklar maydonida o'tgan bahsda mehmonlar ikkinchi bo'lim boshida hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo'lishdi. Biroq ko'p o'tmay «Tottenxem» yana oldinga chiqdi va hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda uchinchi golni kiritib, mavsumdagi ilk g'alabasini rasmiylashtirdi.
Shunga qaramay, Lempard shogirdlarining o'yinidan mamnun qolganini ta'kidladi. Shu bilan birga, angliyalik mutaxassis raqibning ikkinchi goli oldidan yuz bergan vaziyat bahsli ekaniga e'tibor qaratdi.
«Jamoamning bugungi o'yinidan juda mamnunman. Biz raqibga jiddiy qarshilik ko'rsatdik, desam mubolag'a bo'lmaydi.
«Tottenxem» ikkita ajoyib gol urdi. To'g'ri, ikkinchi gol bahsli edi, chunki o'sha vaziyatda qo'l bilan yuzga zarba berildi. Shunga qaramay, golning ijrosi juda chiroyli chiqdi.
Futbolchilarimning harakatlari bilan faxrlanaman. O'yin oxirida o'tkazib yuborilgan gol ortiqchadek tuyuldi. Bizda ham gol urish uchun yaxshi imkoniyatlar bo'ldi», — dedi Lempard BBC nashriga bergan intervyusida.
Mazkur mag'lubiyatdan keyin «Koventri Siti» 6 ochko bilan Premer-liga turnir jadvalida 17-pog'onada qoldi. Xuddi shuncha ochkoga ega «Tottenxem» esa 16-o'rinni egallab turibdi.
