«Barselona»ning zaif nuqtalari bormi? Luis Enrike javob berdi
20 OKTYABR, 2026, 08:42
«Pari Sen-Jermen» bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi doirasida «Barselona»ga qarshi o'tkaziladigan uchrashuv oldidan kataloniyaliklar safidagi Lamin Yamal va Pedrining mahoratiga yuqori baho berdi.
Ispaniyalik mutaxassisning fikricha, «Barselona»ning etakchi futbolchilarini individual harakatlar orqali to'xtatish deyarli imkonsiz. Shu sababli parijliklar raqibga qarshi jamoaviy tarzda harakat qilishi kerak.
«Barselona»ning zaif tomonlari bormi? Mukammal jamoaning o'zi yo'q. Biz bu uchrashuvga o'z kuchimizga ishongan holda tayyorgarlik ko'ryapmiz.
Raqibimiz o'yinning barcha jabhalarida o'sishga erishganini yaxshi bilamiz. Bu biz uchun juda muhim uchrashuv.
«Barselona»ning asosiy tarkibida kimlar maydonga tushishining ahamiyati yo'q. Biz ularning barcha futbolchilarini yaxshi taniymiz. Har bir o'yinchi jamoa o'yiniga o'ziga xos hissa qo'shadi.
Albatta, boshlang'ich tarkib e'lon qilingach, raqibning harakatlarini yanada batafsil tahlil qilish imkoniyatiga ega bo'lamiz.
Biz bir butun jamoa sifatida harakat qilishimiz shart. Chunki Lamin Yamalning driblingini bir futbolchining o'zi to'xtata olmaydi. Xuddi shuningdek, Pedrining aqlbovar qilmas uzatmalarini ham yakka tartibda bartaraf etish imkonsiz.
Bunday futbolchilarga qarshi faqat butun jamoa bo'lib kurashish kerak», — dedi Enrike matbuot anjumanida.
Eslatib o'tamiz, «PSJ» va «Barselona» Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 3-turida o'zaro to'qnash keladi.
Uchrashuv 20 oktyabrdan 21 oktyabrga o'tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
