Laporta: «Luis Enrikega muvaffaqiyat keltirgan narsa — «Barselona» uslubi»
20 OKTYABR, 2026, 08:36
«Barselona» prezidenti Joan Laporta «Pari Sen-Jermen» bosh murabbiyi Luis Enrikening muvaffaqiyatlarida kataloniyaliklar klubiga xos o'yin uslubi muhim o'rin tutishini ta'kidladi.
Klublar o'rtasidagi Chempionlar ligasi uchrashuvi oldidan Laporta ispaniyalik mutaxassisning murabbiylik falsafasi haqida o'z fikrlarini bildirdi.
Uning aytishicha, Enrike qaysi jamoani boshqarishidan qat'i nazar, «Barselona»da shakllangan futbol tamoyillariga sodiq qolmoqda.
«Enrike Asturiyadan bo'lsa-da, u doim o'zini «Barselona» bilan bog'lab kelgan.
Luis boshqaradigan jamoalar o'ziga xos o'yin uslubiga ega. Ular «Barselona»ga xos futbol falsafasi asosida harakat qilishadi. Aynan shu yondashuv unga muvaffaqiyat keltirgan», — deya Laportaning so'zlarini keltiradi Barca Universal.
Eslatib o'tamiz, Luis Enrike 2014–2017 yillarda «Barselona» bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan. Kataloniyaliklar aynan uning qo'l ostida 2015 yilgi Chempionlar ligasi g'olibligini qo'lga kiritgan. Bu klubning hozirgacha ushbu musobaqadagi so'nggi chempionligi hisoblanadi.
Ispaniyalik mutaxassis 2023 yil yozidan buyon «PSJ»ni boshqarib kelmoqda.
«PSJ» va «Barselona» o'rtasidagi Chempionlar ligasi bahsi 20 oktyabrdan 21 oktyabrga o'tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
