Pedri Dembele nima uchun «PSJ»da «Barselona»dagidan yaxshiroq o'ynayotganini tushuntirdi
20 OKTYABR, 2026, 08:34
«Barselona» yarim himoyachisi Pedri Chempionlar ligasida «PSJ»ga qarshi o'tkaziladigan uchrashuv oldidan sobiq jamoadoshi Usmon Dembelening Parij klubidagi muvaffaqiyatlari haqida fikr bildirdi.
Ispaniyalik futbolchining ta'kidlashicha, Dembele «Barselona»da ham o'zining yuqori salohiyatini namoyish etgan, biroq o'sha davrda unga barqarorlik etishmagan. Aynan shu jihatni yaxshilagani frantsuz hujumchisiga yangi darajaga ko'tarilish imkonini bergan.
«Usmon meni doim hayratda qoldirardi. U mashg'ulotlarda oddiy futbolchi bajara olmaydigan harakatlarni amalga oshirardi. Men unga har doim o'zgacha iqtidor egasi ekanini, favqulodda qobiliyatlarga egaligini aytardim.
«PSJ»ga o'tganidan keyin u o'z salohiyatini to'liq namoyon qildi. Biz haqiqiy Dembeleni ko'rdik.
U «Barselona»da ham mahoratini ko'rsatgan, ammo bu faqat ayrim o'yinlarda namoyon bo'lardi. Unga barqarorlik etishmasdi.
Dembele aynan shu barqarorlikka erishgach, «Oltin to'p»ni qo'lga kirita oldi.
Men uchun u nafaqat jahon darajasidagi futbolchi, balki ajoyib do'st hamdir. U bilan bir jamoada to'p surganimdan juda xursandman», — deya Pedrining so'zlarini keltiradi Barca Universal nashri.
Eslatib o'tamiz, Usmon Dembele 2017–2023 yillarda «Barselona» sharafini himoya qilgan. Frantsiyalik futbolchi 2023 yilda kataloniyaliklar safini tark etib, «Pari Sen-Jermen»ga ko'chib o'tgan.
«PSJ» va «Barselona» o'rtasidagi Chempionlar ligasi uchrashuvi 20 oktyabrdan 21 oktyabrga o'tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
Manba: stadion.uz
