«Milan» egasi «An-Nasr» klubini sotib olmoqchi
20 OKTYABR, 2026, 08:30
Italiyaning «Milan» klubiga egalik qiluvchi RedBird Capital investitsiya kompaniyasi Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi aktsiyalarining nazorat paketini sotib olish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda.
La Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg'armasi (PIF) Krishtianu Ronaldu to'p surayotgan klubning 70 foiz aktsiyasini RedBird Capital boshchiligidagi investorlar guruhiga sotishi mumkin.
Ma'lumotlarga ko'ra, tomonlar bu borada allaqachon ikkita uchrashuv o'tkazgan. Klub aktsiyalarining 70 foizlik paketi taxminan 230 million dollarga baholanmoqda.
«An-Nasr»ning moliyaviy holati mazkur kelishuvga sabab bo'layotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Hozirda klubning qarzdorligi qariyb 190 million evroga etgani aytilmoqda.
PIF klubning moliyaviy barqarorligini yaxshilash, jumladan, yangi tijoriy homiylik shartnomalarini jalb qilish orqali daromadlarni oshirishni rejalashtirmoqda.
Qizig'i, ehtimoliy kelishuv natijasida «An-Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu ham klub aktsiyadorlaridan biriga aylanishi mumkin. Xabarlarga ko'ra, portugaliyalik yulduzga aktsiyalarning 20 foizlik ulushi berilishi ehtimoli bor.
Shuningdek, Saudiya Arabistonining Saudi Media Company kompaniyasi ham klubga sarmoya kiritishi mumkin bo'lgan investorlar qatorida tilga olinmoqda.
Hozircha muzokaralarda ishtirok etayotgan tomonlar ehtimoliy kelishuv yuzasidan rasmiy bayonot bergani yo'q.
