Simeone: "Shtutgart"ga qarshi bizni qiyin o'yin kutmoqda"
20 OKTYABR, 2026, 02:00
Madridning "Atletiko" klubi bosh murabbiyi Diego Simeone Chempionlar ligasida "Shtutgart"ga qarshi bo'ladigan uchrashuv oldidan raqibning o'yin uslubi va imkoniyatlariga baho berdi.
Argentinalik mutaxassis nemis klubining jismoniy tayyorgarligi, faol pressingi va himoyadagi harakatlarini alohida ta'kidladi.
"Bizni jismoniy jihatdan kuchli jamoaga qarshi og'ir uchrashuv kutmoqda. Ular raqib maydonida yuqori pressing qo'llashni yaxshi bilishadi va deyarli har doim futbolchilarni individual tarzda nazorat qilishadi.
Zarurat tug'ilganda esa chuqur himoyalanib, raqibga bo'sh hudud qoldirmaslikka harakat qilishadi", — dedi Simeone matbuot anjumanida.
"Atletiko" ustozi avvalgi natijalarga emas, balki navbatdagi o'yinga e'tibor qaratish muhimligini ham ta'kidladi.
"Men avval nima bo'lganini unutaman, chunki buning hozir ahamiyati yo'q. Bizni ertaga maydonda qanday natija ko'rsatishimizga qarab baholashadi.
Qarshimizda Chempionlar ligasini juda yaxshi boshlagan jamoa turibdi", — qo'shimcha qildi murabbiy.
Eslatib o'tamiz, "Shtutgart" Chempionlar ligasining dastlabki ikki turida 6 ochko jamg'arib, turnir jadvalida to'rtinchi o'rinni egallab turibdi.
"Atletiko" esa 3 ochko bilan 15-pog'onadan joy olgan.
Jamoalar o'rtasidagi 3-tur uchrashuvi 20 oktyabr kuni bo'lib o'tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 21 oktyabrga o'tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.
Manba: stadion.uz
