«Hamma Nikoni xohlagan» — Uilyamsning agenti transfer tafsilotlarini ochiqladi
19 OKTYABR, 2026, 13:48
«Atletik» hujumchisi Niko Uilyamsning agenti Feliks Taynta futbolchiga «Liverpul» va «Arsenal» qiziqish bildirganini tasdiqladi.
Agentning ta'kidlashicha, Ispaniya terma jamoasi a'zosini o'z safiga qo'shib olishni istagan klublar ko'p bo'lgan. Biroq Uilyams yakunda Bilbaoda qolishga qaror qilgan.
«Nikoni hamma xohlardi. Futbolchini bunday klublarning barchasiga rad javobini berishga ko'ndirish oson emas.
Evropa chempionatidan keyingi yozda juda jiddiy aloqalar bo'lgandi. Keyingi yozda esa qiziqish yanada kuchaydi», — dedi Taynta.
Shuningdek, agent Uilyamsning o'zi ham faoliyatida yangi bosqichga qadam qo'yishni istaganini yashirmadi.
«U katta maqsadlarga ega futbolchi. “Atletik”da o'ynasangiz, klubning imkoniyatlari cheklanganini tushunasiz. Bu jamoa bilan Chempionlar ligasida g'olib chiqish qiyin, Ispaniya chempionligini qo'lga kiritish ham oson emas», — deya qo'shimcha qildi u.
Eslatib o'tamiz, 2024 yilning yozida Uilyamsga «Barselona», «Bavariya» va «PSJ» ham qiziqish bildirgan, ammo futbolchi «Atletik» bilan shartnomasini uzaytirgan.
Uilyams Bilbao klubi safida 205 ta uchrashuv o'tkazib, 38 ta gol urgan va 37 ta golli uzatma amalga oshirgan.
Shuningdek, u Ispaniya terma jamoasi bilan 2024 yilgi Evropa chempionatida g'olib chiqqan.
