Tebas: «Real» rahbariyati yolg'onlarga botgan»
19 OKTYABR, 2026, 13:30
La Liga prezidenti Xaver Tebas «Real» rahbariyatini manipulyatsiya, yolg'on ma'lumot tarqatish va muxlislarni ayrim shaxslarga qarshi qayrashda aybladi.
Bunga Ispaniya chempionatining 9-turida «Real» va «Sevilya» o'rtasidagi uchrashuvda (4:1) madridlik muxlislar ko'targan banner sabab bo'ldi. Unda «Bu futbol emas, bu Tebas va Negreyra» degan yozuv aks etgan. Tebas va Ispaniya hakamlar texnik qo'mitasining sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraning familiyalari «Barselona» ranglariga ishora sifatida ko'k va qizil harflar bilan yozilgan.
Tebas ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu holatga munosabat bildirib, madridliklar rahbariyatini keskin tanqid qildi.
«Haq ekanimni tasdiqlaydigan voqealar sodir bo'lishi uchun atigi ikki kun etarli bo'ldi.
16 oktyabrda El Debate jurnalisti Tomas Gonsales-Martinni “Real” rahbariyatining minbari deb atagandim. O'sha kuni klub bayonot berib, bu fikrlar o'ziga aloqasi bo'lmagan jurnalistlarga tegishli ekanini ta'kidladi.
Men “Real”dan Negreyra bilan qiyoslash haqidagi da'volarni rad etishni, shuningdek, La Liga o'yinlar taqvimi orqali klubga zarar etkazayotgani haqidagi ayblovlarni qaytarib olishni talab qildim.
Bundan tashqari, klub o'yin vaqtlarini o'zgartirish bo'yicha yuborgan barcha so'rovlarini va ularning qanchasi qanoatlantirilganini ochiqlashi kerak. Bu ma'lumotlar “Real”ga nisbatan adolatsiz munosabat bo'layotgani haqidagi tasavvurni yo'qqa chiqaradi.
18 oktyabrda “Real Madrid TV” yana meni tanqid qildi. Men klub tomonidan nazorat qilinadi deb hisoblaydigan muxlislar tribunasida esa “Bu futbol emas, bu Tebas va Negreyra” degan banner paydo bo'ldi. Endi buni ham klubga aloqasi bo'lmagan shaxsning fikri deb tushuntirishadimi?
Eng xavfli jihati — muayyan insonlarni nishonga aylantirish. Avvalroq menga aytilgan “Real"ning barcha muxlislarini senga qarshi qo'yaman, ko'chaga xotirjam chiqa olmaysan” degan gapni eslatgandim.
18 oktyabrdagi voqealar rahbariyat bilan kelishmovchilikni muxlislarning alohida shaxslarga nisbatan dushmanligiga aylantirishga urinish haqidagi ayblovlarimni yanada mustahkamladi.
Odamlarni nishonga olish, ularni obro'sizlantirish va adovatni kuchaytirish — o'ta mas'uliyatsizlik. Rahbarlar tarqatayotgan xabarlarining oqibatini tushunishlari shart.
17 oktyabrdagi “xalqaro matbuot” haqidagi bayonot ham bunga misol. “Real” tayangan Reuters, BBC va L’Équipe materiallarida tegishli talabning tashabbuskori aynan madridlik klub ekani aytilgan. O'z tashabbusining matbuotda yoritilishini tashqi qo'llab-quvvatlash sifatida ko'rsatish — manipulyatsiya.
“Real” rahbariyati manipulyatsiya va yolg'onlarga botgan. Ular adolatsizlik haqidagi tasavvurni kuchaytiradi, bir xil ayblovlarni takrorlaydi, muayyan shaxslarni nishonga oladi, keyin esa bu usullar fosh etilganda o'zini jabrdiyda qilib ko'rsatadi.
Klub mening iste'fomni talab qilishda davom etishi mumkin. Ammo 16 oktyabrda ma'lumot manbalari, ayblovlar va o'yinlar taqvimi bo'yicha bergan savollarim hanuz javobsiz qolmoqda.
“Real”ning har bir keyingi harakati avval aytgan fikrlarimni yanada yaqqol tasdiqlamoqda», — deb yozdi Tebas.
