Arteta: "Birinchi bo'limda darvoza tomon birorta ham aniq zarba bermadik"
19 OKTYABR, 2026, 11:36
"Arsenal" bosh murabbiyi Mikel Arteta Angliya Premer-ligasining 7-turida "Nottingem Forest" ustidan qozonilgan g'alabani tahlil qildi.
Londonliklar safarda 1:0 hisobida ustun kelishgan bo'lsa-da, raqib himoyasini yorib o'tishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishdi. Artetaning ta'kidlashicha, uchrashuvning birinchi bo'limida jamoasi darvozaga birorta ham aniq zarba yo'llay olmagan.
"Himoyasini yorib o'tish qiyin bo'lgan jamoalarga qarshi o'ynaganda ba'zan asabiylashish mumkin.
Birinchi bo'limda darvozaga birorta ham aniq zarba bermadik. Tanaffusda aynan shu masalani muhokama qildik.
Ikkinchi bo'limda yana ikkita ajoyib imkoniyatga ega bo'ldik. Ammo darvozaga yo'llangan yagona aniq zarbamiz kichik rikoshetdan keyin golga aylandi", — dedi Arteta.
Ispaniyalik mutaxassis g'alabada zaxiradan maydonga tushgan futbolchilarning hissasi katta bo'lganini ham ta'kidladi.
"Noni Madueke, Yurrien Timber va Mikel Merino o'yinga juda yaxshi qo'shildi. Viktor Dyokeresh esa uchrashuvning borishini o'zgartirdi.
Ularning barchasi jamoaga foyda keltirdi. Bizga aynan shu kerak.
Albatta, Nonini alohida ta'kidlash lozim. Chunki u o'yin taqdirini hal qilgan golni urdi.
Goldan keyin futbolchilarimiz juda yaxshi munosabat bildirdi. Ular murakkab va keskin vaziyatda himoyalanish uchun katta ishtiyoq namoyish etishdi", — deya Artetaning so'zlarini keltiradi BBC.
Qayd etish joiz, "Arsenal" ayni paytda Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida ikkinchi o'rinni egallab turibdi.
Londonliklar 21 oktyabr kuni Chempionlar ligasida "Bavariya" mehmoni bo'ladi. 24 oktyabrda esa APL doirasida "Everton"ga qarshi maydonga tushadi.
