Mourino: "Gyulerning raqibiga zarba berganini isbotlaydigan bitta surat ko'rsating"
19 OKTYABR, 2026, 10:34
Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Joze Mourino "Sevilya"ga qarshi uchrashuvda Arda Gyuler ishtirokida yuz bergan bahsli vaziyat haqida fikr bildirdi.
La Liganing 9-turida madridliklar 4:1 hisobida g'alaba qozongan bahsda turkiyalik yarim himoyachining harakati raqib e'tiroziga sabab bo'ldi.
"Sevilya" vakillarining ta'kidlashicha, Gyuler gol urishidan oldin Pekening yuziga tirsagi bilan zarba bergan va qizil kartochka olishi kerak edi. Biroq hakam VARga murojaat qilmagan, futbolchiga hatto sariq kartochka ham ko'rsatmagan.
Mourino esa bu ayblovlarni tasdiqlaydigan dalillarni ko'rishni talab qildi.
"Gyuler tirsagi bilan zarba berdimi? Menga buni isbotlaydigan hech bo'lmaganda bitta suratni ko'rsating.
Ardaning raqibi yuziga zarba bergani aniq ko'rinadigan birorta tasvirni taqdim eting. Men dalil so'radim, ammo hozirgacha hech narsa ko'rmadim.
Gyuler menga raqibiga tirsagi bilan urmaganini aytdi.
La Liga doirasidagi navbatdagi matbuot anjumani shanba kuni bo'lib o'tadi. Agar o'sha vaqtgacha kimdir zarba berilganini isbotlovchi aniq videotasvirni ko'rsatsa, bu qizil kartochkaga loyiq holat bo'lganini tan olaman.
Bunda hech qanday muammo ko'rmayapman", — deya Mourinoning so'zlarini keltiradi Madrid Zone.
Eslatib o'tamiz, "Real" 21 oktyabr kuni Chempionlar ligasida "RB Leyptsig"ni qabul qiladi.
25 oktyabrda esa madridliklar safarda "Barselona"ga qarshi "El-klasiko"da maydonga tushadi.
Manba: stadion.uz
