Totti futbolchilik faoliyatini yakunlagach, depressiya yoqasiga kelib qolganini aytdi
19 OKTYABR, 2026, 08:34
«Roma» klubi afsonasi Franchesko Totti professional futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin boshdan kechirgan ruhiy qiyinchiliklari haqida so'zlab berdi.
Italiyalik sobiq futbolchining ta'kidlashicha, maydon bilan xayrlashgan kuni unda bir-biriga zid hissiyotlar paydo bo'lgan.
«Bir tomondan, bu hayotimdagi eng yaxshi kunlardan biri edi. Chunki meni o'ziga xos va unutilmas xayrlashuv marosimi kutayotgandi.
Boshqa tomondan esa qalbimni g'amginlik qamrab olgandi. Go'yo sodir bo'layotgan voqealarga ishona olmasdim. Ichimda esa qandaydir bo'shliqni his qilardim.
Bir payt kelib, depressiya yoqasiga borib qoldim. Hech narsadan ma'no topa olmay qo'ygandim.
Chunki biz, futbolchilar, muayyan tartib va odatlar asosida yashashga o'rgangan insonlarmiz», — deya Tottining so'zlarini keltiradi derbyderbyderby.it.
Eslatib o'tamiz, Franchesko Totti 2017 yilda professional futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
Italiyalik afsonaviy futbolchi butun faoliyati davomida faqat «Roma» sharafini himoya qilgan.
Manba: stadion.uz
