US Open 2026. Ayollar o'rtasidagi turnirda finalchilar aniqlandi
11 SENTYABR, 2026, 11:16
Nyu-York shahrida o'tkazilayotgan "Katta Dubulg'a" turkumiga kiruvchi, umumiy mukofot jamg'armasi 108 million AQSH dollarini tashkil qiluvchi US Open 2026 turniri o'z yakuni sari yaqinlashmoqda.Ayollar o'rtasidagi yakkalik bahslarida finalchilar aniqlandi. Dunyoning birinchi raketkasi Arina Sobolenko ilk finalchiga aylandi. Belaruslik tennis malikasi 1/2 finalda reytingning uchinchi pog'onasida borayotgan amerikalik Jessika Pegulani mag'lubiyatga uchratdi - 7:5, 6:2.
Tennischilar roppa-rosa 80 daqiqa kortda harakat qilishdi. Sobolenko 7, Pegula 4 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Arina 3 ta qo'shxatoga yo'l qo'ydi. Jessika bu borada bexato o'ynadi. Belaruslik tennischi qatorasiga to'rtinchi yil ham bosh sovrin uchun kortga chiqadi. U US Open turnirining amaldagi chempioni hisoblanadi.
Sobolenkoning finaldagi raqibasi dunyoning ikkinchi raketkasi Elena Ribakina bo'ladi. Qozog'istonlik tennis malikasi 1/2 finalda WTA reytingida to'rtinchi o'rinni egallab turgan Kori Gauffni uch set natijasiga ko'ra taslim etdi - 3/6, 6/4, 6/4. Ikki soatu 10 daqiqa davom etgan bahsda Ribakina 5, Gauff 4 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Bosh sovrin uchun final uchrashuvi ertaga, 12 sentyabr kuni bo'lib o'tadi.

Manba: olamsport.com
