Vlaxovich "Yuventus"dan mojaroli ketishining asl sabablarini aytdi
4 SENTYABR, 2026, 16:34
Dushan Vlaxovich "Yuventus"dan ketishi bilan bog'liq voqealar haqida ochiq gapirib, shartnoma bo'yicha muzokaralar, muxlislarning munosabati va yozda "Beshiktosh"ga o'tishiga izoh berdi.
Serbiyalik hujumchi uning "Yuventus" bilan yangi shartnoma imzolashni bir necha bor rad etgani haqidagi xabarlarni inkor qildi.
"Uch yil davomida men shartnomani uzaytirishni rad etayotganim haqida yozishdi. Ammo haqiqat shuki, bu masala bo'yicha klub bilan hech qanday aniq muzokara o'tkazmaganmiz", — dedi Vlaxovich.
U, shuningdek, klub oldiga turli shartlar qo'ygani haqidagi xabarlarni ham rad etdi.
"Men turli talablar qo'yganim haqida juda ko'p gapirildi, ammo bu haqiqat emas edi".
Futbolchining aytishicha, jiddiy muzokaralar faqat o'tgan mavsum oxirida boshlangan. Tomonlar o'rtasidagi so'nggi suhbat 2 iyun kuni bo'lib o'tgan, ammo kelishuvga erishilmagan.
Vlaxovich bu vaziyat uning muxlislar bilan munosabatiga ham ta'sir qilganini tan oldi.
"Ishonchim komilki, bularning barchasi muxlislarga ham ta'sir qildi. U23 jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida stadion senga hushtak chalishi yoqimli holat emas".
2025 yil noyabr oyida "Kalyari"ga qarshi o'yinda olgan jiddiy mushak jarohati ham uning mavsumiga salbiy ta'sir ko'rsatgan. O'sha paytda Vlaxovich Luchano Spalletti ishonchini qozonib, asosiy markaziy hujumchiga aylanayotgan edi.
Futbolchi Turinda o'tkazgan davri haqida iliq fikr bildirib, "Yuventus" libosini kiyganidan faxrlanishini aytdi. Shu bilan birga, jamoa bilan ko'proq yirik sovrinlar uchun kurasha olmaganidan afsusda ekanini yashirmadi.
U kelajakda "Yuventus"ga qaytish ehtimolini ham istisno qilmadi.
"Nima bo'lishini hech qachon bilmaysan. Shuning uchun hech qachon "hech qachon" dema. Futbolda ham, hayotda ham har narsa bo'lishi mumkin", — dedi Vlaxovich.
Hozir esa serbiyalik hujumchi "Beshiktosh" rahbariyatining uzoq vaqt davom etgan qiziqishidan so'ng Istanbul klubini tanlab, faoliyatidagi yangi bosqichni boshladi.
Manba: stadion.uz

