Konor Bredli yil oxirigacha maydonga qaytmasligi mumkin
4 SENTYABR, 2026, 08:48
Shimoliy Irlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Maykl O’Nill «Liverpul»ning o'ng qanot himoyachisi Konor Bredli yil oxirigacha xalqaro o'yinlarga qaytmasligi mumkinligini tan oldi.
«Konor hozir men kutgan bosqichda. Bu jarohat ko'pchilik o'ylaganidan ko'ra uzoqroq vaqt talab qilishini bilardim.
U yaxshi tiklanyapti. Bunday jarohatda jarayonni juda ehtiyotkorlik bilan nazorat qilish kerak. U yaqinda ota ham bo'ldi, shuning uchun hozir boshqa tashvishlari ham bor. Uni tabriklayman.
Konor tayyor va sog'lom bo'lganida yana biz bilan bo'ladi. Biz uning qaytishidan juda xursand bo'lamiz», — dedi O’Nill.
Bredlining faqat kelasi yil maydonga qaytishi mumkinligi haqidagi savolga murabbiy shunday javob berdi:
«Men bu variantni qabul qila olaman. Agar uni Rojdestvogacha ko'rsak, bu biz uchun katta bonus bo'ladi. Agar bunday bo'lmasa, mart oyidagi xalqaro o'yinlarni kutamiz».
Bredli yanvar oyi boshida «Arsenal»ga qarshi o'yinda tizzasidan jiddiy jarohat olgan edi. U hozir «Liverpul»ning mashg'ulot bazasida sport zalida tiklanish ishlarini olib bormoqda va maydonga qaytishiga hali ancha vaqt bor.
Shunga qaramay, himoyachi «Liverpul»ning Chempionlar ligasi umumiy bosqichi uchun qaydnomasiga kiritilgan. Bu klub uni kelasi yil yanvar oyidagi o'yinlarda ishtirok etishi mumkin, deb hisoblayotganidan dalolat beradi.
