Lotar Matteus «Oltin to'p» uchun asosiy da'vogarni aytdi
18 AVGUST, 2026, 17:42
«Bavariya»ning sobiq yarim himoyachisi Lotar Matteus myunxenliklar hujumchisi Xarri Keynning «Oltin to'p»ni qo'lga kiritish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
«Xarri Keyn shanba kuni “RB Leyptsig”ga qarshi o'yinda maydonga tushmadi. Chorshanba kuni esa angliyalik futbolchi Evropaning eng yaxshi to'purari sifatida “Oltin butsa”ni qabul qilib oldi. Mening fikrimcha, Keyn “Oltin to'p” uchun ham asosiy da'vogar hisoblanadi. Men bir o'yin yoki faqat jahon chempionatini emas, butun yil davomidagi natijalarni baholayman.
Bir nechta futbolchi “Barselona” safida Ispaniya chempionligini va milliy terma jamoasi bilan jahon chempionligini qo'lga kiritdi. Ammo ular orasida boshqalardan yaqqol ajralib turgan futbolchi bormi? Lamin Yamal haqida gapiradigan bo'lsam, javobim — yo'q!
Lionel Messi “Inter Mayami” bilan MLS chempionligini qo'lga kiritdi. Ammo bu liga Evropa chempionatlarichalik kuchli emas. Jahon chempionatida u sakkizta gol urdi, biroq ikkita penaltini aniq amalga oshira olmadi. Kilian Mbappe Frantsiya terma jamoasi bilan jahon chempionati yarim finaligacha etib bordi, ammo “Real” safida birorta ham sovrin yutmadi. Angliyalik Jud Bellingem haqida ham xuddi shuni aytish mumkin.
Keyn “Bavariya” bilan mamlakat miqyosida ikkita sovrinni qo'lga kiritdi. Uning yagona kamchiligi — jahon chempionati va Chempionlar ligasi finaliga etib bormagani. Qolgan jihatlar bo'yicha u ajoyib o'yin namoyish etdi va, menimcha, mavsum davomida unda birorta ham jiddiy pasayish kuzatilmadi. Keyn va Rodri — maydondagi harakatlari bilan o'zlari haqida gapirtiradigan va maydon tashqarisidagi mojarolar sabab sarlavhalardan joy olmaydigan futbolchilar.
Menimcha, “Oltin to'p”ga eng ko'p loyiq futbolchi — Xarri Keyn», — deb yozdi Matteus o'z kolumnasida.
