Rodri va Kanselu "Barselona" uchun tibbiy ko'rikdan o'tdi
18 AVGUST, 2026, 16:54
"Barselona" Rodri va Joau Kanseluni o'z safiga qo'shib olish bo'yicha ishlarini yakunlash arafasida.
Avvalroq Ispaniyalik yarim himoyachi Rodri "Manchester Siti"dan "Barselona"ga bonuslar bilan birga 76,5 million evro evaziga o'tishi xabar qilingandi. Portugaliyalik himoyachi Joau Kanselu esa "Al-Hilol" bilan shartnomasini bekor qilganidan so'ng kataloniyaliklar safiga erkin agent sifatida qo'shilishi kutilmoqda.
Mundo Deportivo ma'lumotiga ko'ra, bugun ertalab har ikki futbolchi "Barselona" uchun tibbiy ko'rikdan o'tgan.
Kataloniya klubi Rodrini bugunning o'zida klub ofisida yopiq tadbir doirasida tanishtirishni rejalashtirmoqda. Yarim himoyachini "Kamp Nou"da rasman taqdim etish varianti ham ko'rib chiqilgan, ammo stadionda davom etayotgan qurilish ishlari bilan bog'liq qiyinchiliklar sabab bu rejadan voz kechilgan.
