Simeone Alvaresning kelajagi haqida: "Muhokama qiladigan hech narsa yo'q"
18 AVGUST, 2026, 15:42
"Atletiko" bosh murabbiyi Diego Simeone hujumchi Xulian Alvaresning jamoadagi kelajagi bo'yicha klub rahbariyatining pozitsiyasi o'zgarmaganini ma'lum qildi.
Argentinalik mutaxassis "Malaga"ga qarshi La Liga uchrashuvi oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida Alvaresning ehtimoliy transferi va uning hozirgi jismoniy holati haqida gapirdi.
"Agar klub rahbariyati bu borada shunchalik qat'iy fikr bildirgan bo'lsa, unda muhokama qiladigan hech narsa yo'q. Bu xuddi sud jarayoniga o'xshaydi. Aytilgan gaplar hammasini juda aniq ko'rsatib turibdi.
Biz sport tomoniga e'tibor qaratmoqdamiz. Inson va futbolchi sifatida unga g'amxo'rlik qilib, eng yaxshi jismoniy holatga kelishini ta'minlashga harakat qilyapmiz.
U "Malaga"ga qarshi bu uchrashuvda ishtirok etmaydi. Umid qilamanki, yaqin kunlarda yana formaga kirib, biz uni ko'rishni istayotgan holatga yaqinlashadi", — dedi Simeone.
Alvaresning kelajagi yozgi transfer oynasining asosiy mavzularidan biriga aylangan. 26 yoshli argentinalik hujumchi jahon chempionati vaqtida klubdan ketish u va "Atletiko" uchun eng yaxshi echim bo'lishi mumkinligini ochiq aytgandi. Ayni paytda "Barselona" prezidenti Joan Laporta kataloniyaliklar futbolchi uchun taklif kiritganini tasdiqlagan.
Shunga qaramay, "Atletiko" bosh direktori Migel Anxel Xil Marin Alvaresni sotish rejada yo'qligini bildirgan. Simeone ham avvalroq klub qarori aniq ekanini ta'kidlab, hujumchi bilan ishlashda davom etishini aytgan.
AS ma'lumotiga ko'ra, Madrid klubi Alvaresni 2026/27 yilgi mavsumdagi loyihaning asosiy futbolchilaridan biri sifatida ko'rmoqda. "Atletiko" uning transferi masalasida 500 mln evrolik tovon puli bandiga tayanayotgani, "Barselona" tomonidan bildirilgan 100 mln evrolik taklif esa klub talabidan ancha past ekani xabar qilingan.
Simeone esa Alvaresni jamoaning hujumdagi eng kuchli futbolchisi deb atab, kelgusida uning salohiyati va mahoratidan maksimal darajada foydalanadigan jamoa qurish niyati borligini ta'kidladi.
"Atletiko" va "Malaga" o'rtasidagi uchrashuv 19 avgust kuni "Metropolitano" stadionida bo'lib o'tadi. Mazkur bahs jahon chempionatida qatnashgan futbolchilarga qo'shimcha dam berish maqsadida La Liganing birinchi turidan keyinroq muddatga ko'chirilgan.
