"Aston Villa" himoyachisi Shotlandiyaga yo'l oladi
18 AVGUST, 2026, 14:06
"Aston Villa"ning o'ng qanot himoyachisi Kosta Nedelkovich "Reyndjers"ga o'tishga yaqin turibdi.
Insayder Fabritsio Romano ma'lumotiga ko'ra, Glazgo klubi Serbiya milliy jamoasining 20 yoshli futbolchisini mavsum oxiriga qadar ijaraga olish bo'yicha kelishuvga erishgan. Bitimda Nedelkovichni 4 million funt evaziga sotib olish huquqi ham ko'zda tutilgan.
Shu bilan birga, agar himoyachi "Reyndjers" safida belgilangan miqdorda o'yin o'tkazsa, uni sotib olish bandi majburiy tus oladi.
Nedelkovich so'nggi bir yarim mavsumni ijara asosida "RB Leyptsig" tarkibida o'tkazdi.
"Aston Villa" esa, o'z navbatida, "Vest Xem"ning o'ng qanot himoyachisi Aaron Uan-Bissaka transferi ustida ishlashni davom ettirmoqda.
