Ispaniyalik jurnalist: "Barselona" Rodrini "Real"ga o'tishiga yo'l qo'ymaslik uchun oldi"
18 AVGUST, 2026, 12:06
Ispaniyaning mashhur El Chiringuito TV dasturi jurnalisti Edu Agirre "Barselona"ning Rodrini tarkibga qo'shish harakatiga munosabat bildirdi. Uning fikricha, kataloniyaliklar ispaniyalik yarim himoyachini faqat jamoani kuchaytirish uchun emas, balki uning "Real Madrid"ga o'tishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida ham tanlagan.
"Albatta, men Rodrini "Real Madrid" safida ko'rishni istardim. U ajoyib futbolchi va uni "Real" libosida ko'rsam, xursand bo'lardim.
"Barselona" uni "Real Madrid" sotib olmasligi uchun olib kelganiga shubham yo'q", — dedi Agirre.
Jurnalist kataloniyaliklarning harakatini so'nggi transfer jarayonlari bilan ham bog'ladi. Uning ta'kidlashicha, "Barselona" Xulian Alvaresni qo'lga kiritish borasidagi muvaffaqiyatsiz urinishlardan keyin muxlislarga katta transfer taqdim etishni istagan.
"Menimcha, Xulian Alvares bilan bog'liq vaziyatlardan keyin "Barsa" uning kelmasligini tushunib etdi. Buning ustiga, "Real Madrid" transfer bozorida muvaffaqiyatli ishladi. Shunday sharoitda Laporta: "Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi Rodri bilan shartnoma imzolasam, muxlislar meni olqishlaydi", deb o'ylagan bo'lishi mumkin", — dedi u.
Shu bilan birga, Agirre Rodrining futbolchilik saviyasiga shubha qilmasligini, ammo "Barselona" tarkibida shu pozitsiyada o'ynay oladigan Mark Bernal borligi sababli bu transferni sport nuqtayi nazaridan zarur deb hisoblamasligini qayd etdi.
"Rodri — shubhasiz, ajoyib futbolchi. Lekin menimcha, "Barselona" uni olib kelishga muhtoj emasdi. Chunki ularda Mark Bernal bor", — dedi jurnalist.
Ayni paytda, Britaniya matbuoti "Barselona" va "Manchester Siti" Rodri transferi bo'yicha taxminan 65,4 mln funtlik kelishuvga erishgani, futbolchi esa Kataloniyaga tibbiy ko'rikdan o'tish uchun etib kelganini xabar qilmoqda. Hozircha "Barselona" tomonidan transfer rasman e'lon qilinmagan.
Rodri 2026 yilgi jahon chempionatida Ispaniya milliy jamoasi bilan bosh sovrinni qo'lga kiritdi va turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida "Oltin to'p" mukofotiga sazovor bo'ldi.
Avvalroq futbolchi "Real Madrid" bilan ham bog'langan, ammo muzokaralar yakuniga etmaganidan keyin "Barselona" transfer uchun faol harakat boshlagani xabar qilingandi.
Mark Bernal esa "Barselona" akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo'lib, tayanch yarimhimoyachisi pozitsiyasida harakat qiladi. Shu bois Agirre Rodrining kelishi yosh futbolchining jamoadagi roliga ham ta'sir qilishi mumkin, degan nuqtayi nazarni ilgari surmoqda.
