FIFA Infantinoni tanqid qilgan xodimini ishdan bo'shatdi
18 AVGUST, 2026, 06:18
FIFA tashkiloti bosh operativ direktori Kevin Lamur bilan hamkorlikni to'xtatdi. U avvalroq tashkilot prezidenti Janni Infantinoni oshkora tanqid qilgan edi. Bu haqda Sky News xabar bermoqda.
FIFA vakillari Lamurning tashkilotdagi faoliyati 17 avgust kuni yakunlanganini tasdiqladi, biroq uning iste'fosi sabablarini ochiqlamadi.
Iyul oyida Kevin Lamur FIFA turnirlari huquqlarini amalga oshirish bilan shug'ullanishi kerak bo'lgan FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasiga qarshi chiqqan edi. Ushbu rejaga ko'ra, yangi kompaniyaning qariyb 20 foiz ulushi xususiy investorlarga sotilishi ko'zda tutilgan edi.
Lamur loyihani tayyorlashdagi shaffoflikning yo'qligi sababli tashkilot xodimlari chalkashlikka solinganini ta'kidlagan. U FFE’ni «bir insonning yakkaxon loyihasi» deb atab, futbol rahbarlarini jarayonga aralashishga chaqirgan.
Lamurning e'tirozlaridan so'ng Janni Infantino ushbu rejalardan voz kechgan bo'lsa-da, futbol jamoatchiligi tomonidan FIFA prezidenti sha'niga bildirilayotgan e'tirozlar hamon to'xtagani yo'q.
