Shotlandiya futbol assotsiatsiyasi Infantinoni FIFA prezidenti saylovida qo'llab-quvvatlamaydi
17 AVGUST, 2026, 23:54
Shotlandiya futbol assotsiatsiyasi (SFA) ijrochi direktori Ian Maksvell tashkilot FIFA prezidenti Janni Infantinoni qo'llab-quvvatlashdan voz kechganini ma'lum qildi.
Avvalroq Infantino jahon chempionati huquqlarining bir qismini sotish g'oyasini ilgari surgan edi. Bu tashabbus Evropa futbol doiralarida keskin bahs-munozaralarga sabab bo'ldi.
«UEFAga a'zo 55 ta assotsiatsiya vakillari ishtirok etgan yig'ilishdan buyon Shotlandiya futbol assotsiatsiyasining pozitsiyasi aniq. Biz UEFA va unga a'zo 55 mamlakatning umumiy pozitsiyasiga amal qilamiz. Shu bois, Shotlandiya futbol assotsiatsiyasi 2027 yil boshida bo'lib o'tadigan FIFA prezidenti saylovida Janni Infantino uchun ovoz bermaydi», — dedi Maksvell BBC nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, FIFA avvalroq federatsiyaning tijorat faoliyati va turnirlarini tashkil etish yo'nalishlarini birlashtiruvchi FIFA Forward Enterprise (FFE) korxonasini tashkil etish niyatida ekanini ma'lum qilgandi. Shuningdek, yangi tuzilma ulushlarini xususiy investorlarga taklif qilish rejalashtirilgan edi.
Mazkur tashabbus UEFAning keskin tanqidiga uchradi va hatto jahon chempionatini boykot qilish ehtimoli haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik FIFA Janni Infantinoning bayonotini e'lon qilib, loyiha atrofida kelishmovchiliklar mavjudligini tan oldi hamda ushbu taklif amalga oshirilmasligini ma'lum qildi.
