«Galatasaroy» Brunu uchun ulkan maosh tayyorladi
17 AVGUST, 2026, 23:06
«Galatasaroy» «Manchester Yunayted» sardori Brunu Fernandeshni o'z safiga qo'shib olish uchun katta mablag' sarflashga tayyor. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Manbaga ko'ra, Turkiya chempioni mankunianliklarga bonuslar bilan birga 50 mln evroga etadigan taklif yubormoqchi. Uning 35 mln evrosi kafolatlangan to'lov, yana 15 mln evrosi turli shartlarga bog'liq bonuslardan iborat bo'ladi.
Portugaliyalik yarim himoyachiga yiliga 21 mln evro sof maosh va to'rt yillik shartnoma taklif qilinishi kutilmoqda. Bitimni imzolaganlik uchun futbolchiga qo'shimcha 4 mln evro bonus ham to'lanishi mumkin.
Turkiyadagi soliq tizimi hisobga olinsa, Fernandeshning sof daromadi Angliyada hozir olayotgan mablag'idan deyarli ikki baravar ko'p bo'ladi.
Biroq «Manchester Yunayted» 31 yoshli sardorini sotishni rejalashtirmayapti va uni jamoaning kelgusi rejalarida muhim futbolchi deb hisoblaydi. Shunga qaramay, «Galatasaroy» yaqin kunlarda rasmiy taklif bilan chiqishi mumkin.
Transfer jarayonini Istanbul klubi prezidenti Dursun O'zbek shaxsan nazorat qilayotgani aytilmoqda. Yakuniy qaror ko'p jihatdan «Manchester Yunayted»ning qat'iy pozitsiyasi va Fernandeshning istagiga bog'liq bo'ladi.
