Boeli va Uolter "Chelsi"dagi ulushlarini sotmoqchi
17 AVGUST, 2026, 22:18
"Chelsi" hammulkdorlari Todd Boeli va Mark Uolter klubdagi aktsiyalarini sotishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Manba ma'lumotiga ko'ra, "ko'klar" aktsiyadorlari o'z ulushlarini klubning majoritar egasi hisoblangan Clearlake kompaniyasiga sotish bo'yicha muzokara olib bormoqda. Avvalroq Clearlake "Chelsi" aktsiyalarining qariyb 60 foiziga egalik qilishi xabar qilingan edi.
Boeli va Uolter 2022 yilda "Chelsi"ni Roman Abramovichdan 2,5 mlrd funt sterlingga sotib olgan investorlar guruhi tarkibiga kirgan. Keyingi yillarda ikki biznesmen bilan Clearlake o'rtasida klubni rivojlantirish strategiyasi borasida bir necha bor kelishmovchiliklar yuzaga kelgan.
Muzokaralar Mark Uolter boshqa yirik aktivlarini ham sotishga harakat qilayotgan bir paytda kechmoqda. Uning biznes imperiyasi tartibga soluvchi idoralar tomonidan kuchaytirilgan nazorat ostida ekani qayd etilmoqda.
66 yoshli amerikalik biznesmen yaqinda NBAning "Leykers" klubini rekord 12 mlrd dollarga sotgani ham xabar qilingan edi.
