Infantinoning to'rtinchi muddatga saylanish rejasi FIFA nizomiga zid deb topilmoqda
17 AVGUST, 2026, 18:42
Inson huquqlarini himoya qilish masalalari bilan shug'ullanuvchi FairSquare notijorat tashkiloti Janni Infantinoni FIFA prezidenti saylovida ishtirok etishiga yo'l qo'ymaslikni talab qilmoqda. Tashkilot bunga prezidentlik muddatlari bo'yicha belgilangan cheklov buzilayotganini sabab qilib ko'rsatgan. Bu haqda The Athletic xabar berdi.
FairSquare FIFAning boshqaruv, audit va qoidalarga rioya qilish qo'mitasiga yo'llagan maktubida Infantinoning to'rtinchi muddatga saylanish imkoniyati tashkilot nizomiga zid ekanini ta'kidlagan. FIFA qoidalariga ko'ra, prezident lavozimini uch muddatdan ortiq egallash mumkin emas.
Biroq 2022 yilda tegishli qo'mita Infantinoning 2016–2019 yillardagi birinchi prezidentlik muddatini hisobga olmaslik haqida qaror chiqargan. Bunga u Yozef Blatterning muddatidan oldin tugagan prezidentlik davrini yakunlagani asos qilib ko'rsatilgan.
FairSquare esa bu qarorni qonuniy deb hisoblamaydi. Tashkilot fikricha, FIFA nizomida bunday istisnolar mavjud emas — prezidentlik muddati qancha davom etgani yoki rahbar qaysi kongressda saylanganining ahamiyati yo'q.
Masalaga Norvegiya futbol federatsiyasi ham qo'shilib, FairSquare shikoyatini qo'llab-quvvatladi.
FIFA rahbariyati atrofidagi bahslar, jumladan, turnirlardagi ulushlarni sotish rejalari fonida Infantinoning yana bir bor saylanish istiqboli murakkablashishi mumkin. Manbaga ko'ra, uning siyosatiga UEFA, CONCACAF va Osiyo futbol konfederatsiyasi vakillari ham qarshilik bildirmoqda.
