Rodri bugun Kataloniyaga etib boradi
17 AVGUST, 2026, 18:42
"Barselona" "Manchester Siti" yarim himoyachisi Rodri transferini rasmiylashtirish jarayonini boshladi. Ispaniyalik futbolchi bugun, 17 avgust kuni Barselonaga etib keladi va to'g'ridan-to'g'ri mehmonxonaga yo'l oladi. Bu haqda Sport.es jurnalisti Karlos Monfort ijtimoiy tarmoqda ma'lum qildi.
Manbaga ko'ra, 18 avgust kuni Rodri shahar shifoxonalaridan birida tibbiy ko'rikdan o'tadi. Shu kunning tush paytida uni "Barselona"ning yangi futbolchisi sifatida rasman tanishtirish rejalashtirilgan. Taqdimot marosimi klub ofislarida bo'lib o'tadi.
Avvalroq "Barselona" va "Manchester Siti" Rodri transferi bo'yicha printsipial kelishuvga erishgani xabar qilingan edi. 30 yoshli ispaniyalik futbolchi uchun kafolatlangan transfer summasi 60 mln evroni tashkil qiladi. Kataloniyaliklar yana 11 mln evroni amalga oshishi nisbatan oson bo'lgan bonuslar ko'rinishida to'lashi mumkin.
Shuningdek, kelishuvda qo'shimcha bonuslar ham ko'zda tutilgani sabab transferning yakuniy qiymati bundan ham yuqori bo'lishi ehtimol qilinmoqda.
Rodri 2019 yildan buyon "Manchester Siti" safida to'p surib kelmoqda. Angliya klubi uni o'shanda "Atletiko"dan 70 mln evro evaziga xarid qilgan edi. Ispaniyalik yarim himoyachi o'tgan mavsumda 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi.
