O'yin vaqtida hushidan ketgan Musiala mashg'ulotlarga qaytdi
17 AVGUST, 2026, 18:18
"Bavariya" yarim himoyachisi Jamal Musiala o'rtoqlik uchrashuvi vaqtida hushidan ketganidan keyin sog'lig'i bilan bog'liq muammolarga duch kelmayapti.
23 yoshli futbolchi "Leyptsig"ga qarshi 3:1 hisobida yakunlangan bahsning 83-daqiqasida, gol urganidan ko'p o'tmay, kuchli issiqlik ta'sirida o'zini yomon his qilgan. Musialaning ahvoli og'irlashayotganini payqagan jamoadoshi Ismael Saybari uning yoniga shoshilib borib, maydonga qulab tushishiga yo'l qo'ymagan.
Bir necha daqiqa davomida tibbiy xodimlar Musialaga yordam ko'rsatgan. Shundan so'ng futbolchi maydonni mustaqil ravishda tark etgan va uni Bara Sapoko Ndiaye almashtirgan.
Bild ma'lumotiga ko'ra, Musiala bugun ertalab jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy hamrohligida mashg'ulot maydoniga kelgan va individual tarzda ishlagan. U dribling hamda darvozaga zarbalar ustida mashq qilgan.
Mashg'ulot vaqtida futbolchida hech qanday muammo kuzatilmagan. Shuningdek, u jismoniy tayyorgarlik testidan ham muvaffaqiyatli o'tgan.
Musiala mashg'ulotdan keyin uni kutib turgan muxlislarga dastxat tarqatgan. Manba ta'kidlashicha, futbolchi "mutlaqo baxtli" ko'ringan va shanba kuni yuz bergan hodisadan keyin yaxshi tiklangan.