«Leyptsig» Said El-Mala uchun 60 mln evrogacha to'lashga tayyor
17 AVGUST, 2026, 16:12
Dortmundning «Borussiya»si Said El-Mala transferi uchun kurashdan chiqqanidan so'ng, «Kyoln»ning 19 yoshli hujumchisiga «Leyptsig» qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Bild xabar berdi.
Manbaga ko'ra, El-Mala anchadan beri saksoniyaliklar transfer ro'yxatidan joy olgan. «Leyptsig» joriy haftada futbolchi uchun rasmiy taklif yuborish yoki yubormaslik bo'yicha qaror qabul qiladi.
Hozircha klublar o'rtasida rasmiy muzokaralar boshlanmagan. Biroq «Leyptsig» 50 mln evro kafolatlangan to'lov, oson amalga oshadigan shartlar uchun 5 mln evro va alohida yuqori natijalar uchun yana 5 mln evrolik bonuslarni o'z ichiga olgan taklif tayyorlamoqda. Shuningdek, «Kyoln»ga futbolchining keyingi transferidan ma'lum ulush ajratilishi mumkin.
Taklifning umumiy qiymati 60 mln evrogacha etadi. Bunday yirik sarmoyani amalga oshirish uchun «Leyptsig» kuzatuv kengashining roziligi talab etiladi.
Bild'ga ko'ra, El-Malaning o'zi «Leyptsig»ga ko'chib o'tishga tayyor. Futbolchi o'tgan payshanbadayoq «Kyoln» kiyinish xonasida ehtimoliy transfer haqida gapirgan. Bu Dortmund klubining yakuniy taklifi kelib tushishidan ham avval sodir bo'lgan.
«Leyptsig» yangi hujumkor futbolchi uchun ikki asosiy nomzodni ko'rib chiqmoqda. El-Maladan tashqari, «Strasbur» vingeri Diegu Moreyra ham ro'yxatda bor. Frantsiya klubi 22 yoshli belgiyalik uchun 60–70 mln evro talab qilmoqda.
«Kyoln»da hozircha El-Mala jamoada qolishiga ishonishmoqda. Futbolchining shartnomasi 2030 yilgacha amal qiladi va unda belgilangan tovon puli mavjud emas. Klub faqat favqulodda yuqori taklif kelgan taqdirdagina uni sotishni ko'rib chiqadi.
Transfer uchun aniq muddat belgilanmagan. Biroq 1 sentyabr — yozgi transfer oynasining so'nggi kuni yaqinlashgan sari «Kyoln» El-Mala uchun yanada ko'proq mablag' talab qilishi mumkin.
