La Liga klubi "Liverpul" bilan muzokara boshladi
17 AVGUST, 2026, 15:18
"Xetafe" "Liverpul" yarim himoyachisi Stefan Baychetichni o'z safiga qo'shib olish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manba ma'lumotiga ko'ra, klublar ehtimoliy transfer formati yuzasidan muzokaralarni boshlagan. Biroq hozircha futbolchining o'tishi shartlari bo'yicha aniq kelishuvga erishilmagan.
21 yoshli ispaniyalik yarim himoyachi "Liverpul"ga tegishli. Baychetich ikki yildan ortiq vaqtdan buyon "qizillar"ning asosiy jamoasi safida maydonga tushmagan. U o'tgan yilning may oyida son orqa qismida jarrohlik amaliyotini o'tkazgan va shundan keyin uzoq vaqt o'yinlardan chetda qolgan.
Jarohat sabab Baychetich 2024/25 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida ijara asosida o'ynagan "Las-Palmas" safidagi ishtirokini ham muddatidan oldin yakunlagan edi.
Joriy yil iyul oyida yarim himoyachi "Liverpul" tarkibiga qaytib, jamoaning Chikagoda o'tkazilgan mavsumoldi yig'iniga qo'shildi.
