Alvares vakillari "Barselona"ga futbolchining rejalarini ma'lum qildi
17 AVGUST, 2026, 11:06
Madridning "Atletiko" klubi hujumchisi Xulian Alvares "Barselona"ga o'tish istagidan qaytmagan va transferni amalga oshirish uchun harakatlarini davom ettirmoqda.
Jurnalist Viktor Navarro ma'lumotiga ko'ra, argentinalik futbolchining vakillari "Barselona" rahbariyatiga Alvares yaqin vaqt ichida "Atletiko" ijrochi direktori Migel Anxel Xil Marin bilan uchrashish niyatida ekanini bildirgan.
Uchrashuvda 26 yoshli hujumchi o'z transferi masalasini muhokama qilishi kutilmoqda. Katta ehtimol bilan, Alvares yana bir bor "Barselona"ga o'tish istagini klub rahbariyatiga ochiq ma'lum qiladi.
Avvalroq Xulian Alvares "Atletiko" bosh murabbiyi Diego Simeone bilan ham bu masalada suhbatlashgan edi. Biroq argentinalik mutaxassis vatandoshiga ushbu vaziyatda yordam bera olmasligini tushuntirgan.
Ayni paytda "Atletiko" rahbariyati "Barselona" bilan Xulian Alvares transferi bo'yicha muzokara olib borishdan hali ham bosh tortmoqda.
