"Al-Hilol" Pedru Netu transferi bo'yicha "Chelsi" bilan muzokara o'tkazadi
17 AVGUST, 2026, 10:48
"Al-Hilol" "Chelsi" vingeri Pedru Netuni o'z safiga qo'shib olish borasidagi ishlarni davom ettirmoqda.
Insayder Fabritsio Romano ma'lumotiga ko'ra, Saudiya Arabistoni klubi 26 yoshli portugaliyalik futbolchining transferi yuzasidan "Chelsi" vakillari bilan navbatdagi to'g'ridan-to'g'ri muzokaralarni o'tkazishni rejalashtirgan. Uchrashuv va muhokamalar shu hafta davomida bo'lib o'tishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, Pedru Netuning o'zi allaqachon Saudiya Arabistoni chempionati vitse-chempionidan shaxsiy shartnoma bo'yicha taklif olgan.
Transfermarkt portali 26 yoshli futbolchining hozirgi bozor qiymatini 60 mln evroga baholamoqda. "Chelsi" ham Netuni 2024 yilda "Vulverxempton"dan aynan 60 mln evro evaziga sotib olgan edi.
Portugaliyalik vinger London klubi safida jami 103 ta uchrashuvda maydonga tushib, 19 ta gol urgan va yana 19 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
