«Yuventus» nima uchun Emiliano Martines transferidan voz kechgani ma'lum bo'ldi
17 AVGUST, 2026, 08:06
Insayder Fabritsio Romanoning xabariga ko'ra, «Yuventus» «Aston Villa» va Argentina terma jamoasi darvozaboni Emiliano Martinesni sotib olish fikridan qaytgan.
Turinliklar 33 yoshli posbonning barmog'idagi muammolardan xabar topgach, uni 6-7 million evro atrofidagi arzonlashtirilgan narxda qo'lga kiritishga umid qilishgan edi. Ular «Aston Villa» ushbu jarohat sababli yon berishi kerak deb hisoblashgan, ammo Birmingem klubi bu shartlarga rozi bo'lmadi va bitimni rad etdi. «Yuventus» esa bundan ortiq mablag' to'lashga tayyor emas edi.
Martinesning o'zi Italiya grandi safiga o'tishni xohlagan. U Jahon chempionati oldidan barmog'ini sindirib olgan, ammo operatsiyadan bosh tortgani sababli og'riqlar haligacha saqlanib qolmoqda. Yaqin orada futbolchi baribir xirurgik amaliyotga rozi bo'lishi mumkinligi xaridorlarni cho'chitmoqda.
