Vardining faoliyatini davom ettirishi uchun kutilmagan variant paydo bo'ldi
17 AVGUST, 2026, 07:18
Angliyalik 39 yoshli hujumchi Jeymi Vardi faoliyatini Evropadan tashqarida davom ettirishi mumkin.
Insayder Fabritsio Romanoning eksklyuziv xabariga ko'ra, futbolchiga Braziliyaning «San-Paulu» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Klub rahbariyati allaqachon tajribali forvard bilan aloqaga chiqqan. Vardi hozirda mavjud takliflarni o'rganib chiqmoqda va hali kelajagi bo'yicha bir qarorga kelmagan.
Jeymi Vardi o'z faoliyatining eng yorqin davrini 2012 yildan 2025 yilgacha sharafini himoya qilgan «Lester» klubida o'tkazgan. O'tgan mavsumni u Italiyaning «Kremoneze» klubida o'tkazib, shartnoma muddati tugagach, erkin agentga aylandi.
«San-Paulu» ayni vaqtda Braziliya A Seriyasining 22 turidan so'ng 27 ochko bilan turnir jadvalining 12-pog'onasini egallab turibdi.
