Alvares transferi amalga oshmasa, "Barselona" kimni sotib oladi?
16 AVGUST, 2026, 16:42
"Barselona" hujum chizig'ini kuchaytirish uchun asosiy nomzod sifatida "Atletiko" forvardi Xulian Alvaresni ko'rishda davom etmoqda. Biroq Madrid klubining argentinalikni sotishni istamayotgani kataloniyaliklarni muqobil variantlar ustida ham ishlashga majbur qilmoqda. Diego Simeone ham Alvaresga yangi mavsumda ishonishini bildirgan.
So'nggi xabarlarga ko'ra, "Barselona" ro'yxatidagi variantlardan biri "Vilyarreal" hujumchisi Jorj Mikautadze. Kataloniyaliklar gruziyalik futbolchining atrofi bilan aloqaga chiqqan, Mikautadze esa transferga ijobiy munosabat bildirgan. "Vilyarreal" uni taxminan 60 million evroga baholayotgani aytilmoqda.
Shuningdek, "Inter" hujumchisi Lautaro Martines, "Benfika" forvardi Vangelis Pavlidis va "Real Sosedad" etakchisi Mikel Oyarsabal ham muhokama qilingan nomlar qatorida. Biroq ularning har biri bo'yicha transferni amalga oshirishda moliyaviy yoki sportga oid qiyinchiliklar mavjud.
"Sporting"ning kolumbiyalik hujumchisi Luis Suares ham Alvaresga asosiy muqobillardan biri sifatida ko'rilgan edi. Portugaliya klubi futbolchining 80 million evrolik tovon pulidan chekinishni istamayotgani sabab "Barselona" bu variantdan voz kechgani xabar qilindi.
Avvalroq Joau Pedro, Eli Junior Krupi va Dushan Vlaxovich nomlari ham kataloniyaliklar ro'yxatida tilga olingan. Hozircha esa klubning birinchi tanlovi Alvares bo'lib qolmoqda va yakuniy qaror transfer oynasining so'nggi qismida qabul qilinishi kutilmoqda.
