Gabriel: "Chempionlar ligasi finalidagi mag'lubiyat men uchun motivatsiya"
16 AVGUST, 2026, 13:36
"Arsenal" himoyachisi Gabriel Magalyayns o'tgan mavsum Chempionlar ligasi finalida "PSJ"dan uchralgan og'riqli mag'lubiyat haqida fikr bildirdi. Braziliyalik futbolchining aytishicha, Budapeshtdagi omadsizlik yangi mavsum oldidan u uchun qo'shimcha motivatsiyaga aylangan.
"Men uchun Chempionlar ligasi finalidagi mag'lubiyat — motivatsiya. Biz barcha sovrinlarni yutishni xohlaymiz. Yana maydonga qaytib, imkon qadar ko'proq titul qo'lga kiritishga tayyorman", dedi Gabriel TNT Sports'ga bergan intervyusida. U jamoadoshlarining g'alabaga bo'lgan ishtiyoqi ham unga qo'shimcha kuch berishini ta'kidladi.
2026 yilgi Chempionlar ligasi finalida "Arsenal" va "PSJ" asosiy hamda qo'shimcha vaqtdan keyin 1:1 hisobida durang o'ynagan. Parijliklar penaltilar seriyasida 4:3 hisobida g'alaba qozongan, hal qiluvchi zarbani amalga oshirgan Gabriel esa to'pni darvoza ustidan tepib yuborgandi.
Shunga qaramay, "Arsenal" uchun 2025/26 yilgi mavsum katta muvaffaqiyat bilan o'tdi — Mikel Arteta jamoasi 22 yillik tanaffusdan keyin Angliya Premer-ligasi chempioni bo'ldi va Chempionlar ligasi finaligacha etib bordi. Gabrielning aytishicha, yangi mavsumda londonliklar beshta sovrin uchun kurashishni maqsad qilgan.
"Arsenal" yangi mavsumdagi ilk sovrin uchun Angliya Superkubogida "Manchester Siti"ga qarshi maydonga tushadi. Gabriel bu uchrashuvni ikki kuchli jamoa o'rtasidagi jiddiy bahs deb atab, "kanonirlar" g'alaba uchun kurashishini qayd etdi.
