“Atletiko Madrid” Xulian Alvaresni aldagan — Sport.es
15 AVGUST, 2026, 23:48
Xulian Alvares va “Atletiko Madrid” o'rtasidagi ziddiyat yangicha tus oldi. Klub omma oldida hujumchi sotuvga qo'yilmaganini va uning Jahon chempionati vaqtida bildirgan fikrlari bir tomonlama qabul qilingan qaror bo'lganini ta'kidlamoqda. Biroq argentinalik futbolchining yaqinlari voqealar butunlay boshqacha kechganini aytmoqda.
Jurnalist Martin Arevaloning ma'lumotiga ko'ra, Xulian Alvares o'z pozitsiyasini ommaga ma'lum qilishidan avvalroq “Atletiko” rahbariyatiga jamoani tark etish istagini bildirgan. Biroq aynan “Atletiko” rahbariyati futbolchini uning klubdan ketish istagini ommaga ochiq e'lon qilishga undagan.
Bundan ko'zlangan maqsad Alvaresni transferga undayotgan tomon aynan uning yaqinlari ekani, bu qaror klub tomonidan qabul qilinmaganini muxlislarga ko'rsatishdan iborat bo'lgan. Alvares ushbu tavsiyaga amal qilgan va Jahon chempionati vaqtida ilk bor jamoani tark etib, boshqa klubga o'tish istagini ochiqchasiga bildirgan.
“Atletiko” o'z pozitsiyasini o'zgartirgan. Muammo shundan keyin yuzaga kelgan. Manbaning ta'kidlashicha, “Atletiko” rahbariyati Alvares o'z istagini oxir-oqibat ommaga oshkor qilishini kutmagan. Shu sababli klubning munosabati futbolchi va uning vakillari kutganidan butunlay boshqacha bo'lgan.
Hujumchi avvalroq “Atletiko Madrid” vakillari bilan muzokara o'tkazgan va jamoani tark etish imkoniyati mavjudligini tushungan. Biroq uning bayonotlaridan so'ng “Atletiko” o'z pozitsiyasini keskinlashtirib, omma oldida Xulian Alvares sotilmasligini ma'lum qilgan.
Arevaloning so'zlariga ko'ra, bu holat futbolchining vakillarida jiddiy norozilik uyg'otgan. Ular argentinalik futbolchi o'zidan so'ralgan ishni bajarganidan keyin klub rahbarlari “o'yin qoidalarini o'zgartirgan”, deb hisoblamoqda.
“U bayonot berganidan keyin ‘Atletiko' rahbariyati bundan norozi bo'ldi, chunki ular Alvares buni amalga oshirishini kutmagandi”, deydi argentinalik jurnalist.
Futbolchining yaqinlari klub ularga “yolg'on gapirgani”, Xulian Alvares va uning vakillari esa o'zlarini “aldangan va xiyonat qilingan” deb his qilayotganini ta'kidlamoqda.
Bu versiya “Atletiko” bosh direktori Migel Anxel Xil Marinning ommaviy bayonotlariga zid keladi. U klub hujumchini qo'yib yuborish niyatida emasligini ochiq aytgan. “Atletiko” rahbari, shuningdek, “Barselona”ni shartnoma asosida klubga tegishli futbolchi bo'yicha muzokara olib borishga urinishda ayblab, klub o'z manfaatlarini himoya qilishini ta'kidlagan.
Ikki tomon o'rtasidagi so'zlar jangi davom etmoqda. Endilikda vaziyat “Atletiko” va Alvares muzokara stoliga o'tirib, kelishuvga erisha olish-olmasligiga bog'liq.
Klub futbolchining Madridda qolishi kerakligini ta'kidlamoqda, Alvares esa “Madrid davrini yakunlash vaqti kelganiga” ishonmoqda.
