Embolo MLS tarixidagi eng qimmat transferlardan biriga aylanishi mumkin
14 AVGUST, 2026, 23:00
"Atlanta Yunayted" "Renn" va Shveytsariya terma jamoasi hujumchisi Brel Embolo transferi bo'yicha kelishuvni yakunlashga yaqin. Bu haqda The Athletic xabar berdi.
Manbaga ko'ra, transfer qiymati taxminan 15,5 mln evroni tashkil etadi. Agar kelishuv amalga oshsa, Embolo MLS tarixidagi eng qimmat futbolchilar beshligiga kirishi mumkin.
29 yoshli hujumchi o'tgan mavsum klub miqyosida 34 ta o'yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Embolo faoliyati davomida "Bazel", "Shalke", Myonxengladbaxning "Borussiya" va "Monako" klublari safida ham to'p surgan.
Shveytsariya terma jamoasi tarkibida esa u 92 ta uchrashuvda maydonga tushib, 26 ta gol urgan. 2026 yilgi jahon chempionatida Embolo 2 ta gol va 2 ta golli uzatma bilan qayd etildi.
Kutilishicha, Embolo "Atlanta Yunayted" hujum chizig'ida Migel Almiron va Aleksey Miranchuk bilan birga harakat qiladi.
Ayni paytda "Atlanta Yunayted" tarkibni qayta shakllantirish jarayonini boshdan kechirmoqda va turnirda eng past natija ko'rsatayotgan jamoalar qatorida bormoqda.
