Tilemans Reshfordni himoya qildi: "U haqidagi tasavvurlar butunlay aksincha edi"
14 AVGUST, 2026, 17:12
"Manchester Yunayted" yarim himoyachisi Yuri Tilemans Markus Reshfordning professionalligi va ishga munosabati borasida avval bildirilgan tanqidlarga qo'shilmasligini aytdi. Belgiyalik futbolchi Reshford bilan "Aston Villa"da birga o'ynagan davrida unda mutlaqo boshqacha taassurot qolganini ta'kidladi.
"U juda yaxshi edi. Atrofida qanchalik ko'p gap-so'z va bosim bo'lganini bilasiz. Ammo men ko'rgan Markus kamtar va juda mehnatkash futbolchi edi", — deya Tilemansning so'zlarini keltiradi Sky Sports.
Tilemansning aytishicha, Reshfordning texnik mahorati ham uni dastlabki mashg'ulotlardanoq hayratga solgan. Xususan, uning to'p bilan muomalasi va tezlanishi yuqori saviyada bo'lgan. Belgiyalik yarim himoyachi Reshford o'sha paytda "Aston Villa"ga aynan kerak bo'lgan sifatlarni olib kirganini qayd etdi.
Reshford 2025 yilning fevralida "Manchester Yunayted"dan "Aston Villa"ga mavsum oxirigacha ijaraga berilgan edi. Unai Emeri jamoasida hujumchi yana muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lib, ayrim muhim uchrashuvlarda samarali harakat qildi.
Qizig'i, endi Tilemans va Reshford yana bir klubda birga to'p surishi mumkin. "Manchester Yunayted" iyul oyida Tilemansni "Aston Villa"dan 35 mln funt evaziga xarid qilib, u bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Reshford esa ijaradagi davridan keyin Manchester klubiga qaytgan va Maykl Kerrik qo'l ostida yana imkoniyat olishi mumkin.