Frenki de Yong Flik bilan munosabatlari yomonlashgani haqidagi xabarlarni rad etdi
14 AVGUST, 2026, 17:12
«Barselona» yarimhimoyachisi Frenki de Yong bosh murabbiy Hansi Flik bilan munosabatlari yomonlashgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi.
Avvalroq niderlandiyalik futbolchi o'tgan mavsumda Chempionlar ligasida «Atletiko»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushishdan bosh tortgani va shundan so'ng murabbiy bilan munosabatlari sovuqlashgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
De Yong jurnalist Jerard Romeroning ushbu ma'lumotlariga javob qaytardi.
«U murabbiy bilan munosabatlarim juda yomon ekanini aytdi, ammo bu mutlaqo yolg'on. Murabbiy bilan munosabatlarim juda yaxshi. U bilan ko'p gaplashaman. Bu haqda murabbiyning o'zidan ham so'rashingiz mumkin.
Shuningdek, klub bilan munosabatlarim yomon ekani ham aytildi. Bu ham haqiqat emas. Men klubdagi odamlar, direktorlar va boshqalar bilan ko'p muloqot qilaman. Aytish mumkinki, klub bilan munosabatlarim juda yaxshi.
Jerard Romero ham shu narsalarni aytdi. Uni alohida tilga olmoqchiman, chunki u avval ham ko'plab yolg'on ma'lumotlar tarqatgan, deb o'ylayman. Endi esa bunga jim qarab turmayman. U shuni tushunishi kerakki, agar haqiqatga to'g'ri kelmaydigan narsalarni e'lon qilsa, men bunga ochiq javob beraman.
Men o'zimni qanday his qilayotganim va so'nggi paytlarda nimalar bo'layotganini biroz tushuntirib berishni istadim. Shu orqali ichimdagi g'azabni chiqarib, butun e'tiborimni tiklanish jarayoniga qaratishni xohlayman», — dedi de Yong.
