"Lans" Rahmonalievni kuzatmoqda
14 AVGUST, 2026, 12:48
O'zbekiston milliy jamoasi va Ozarbayjonning "Sabah" klubi yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliev faoliyatini Frantsiya chempionatida davom ettirishi mumkin.
Frantsiya matbuoti ma'lumotiga ko'ra, Liga 1 vakili "Lans" 22 yoshli o'zbekistonlik futbolchini transfer ro'yxatiga kiritgan. Klub skautlari Rahmonalievning so'nggi o'yinlarini kuzatib, uning imkoniyatlarini o'rganmoqda.
Ayrim manbalar "Lans" yaqin vaqt ichida "Sabah"ga rasmiy taklif bilan chiqishi mumkinligini ham yozmoqda. Hozircha transfer bo'yicha rasmiy taklif yuborilgani tasdiqlanmagan, gap frantsuz klubining jiddiy qiziqishi haqida ketmoqda.
Rahmonaliev ayni paytda "Sabah"ning asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi. U 2025 yil yanvarda Qozonning "Rubin" klubidan Ozarbayjon jamoasiga ijara asosida o'tgan, 2026 yil yanvarda esa "Sabah" uning transfer huquqlarini to'liq sotib olgan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2028 yil oxirigacha mo'ljallangan.
Transfermarkt Rahmonalievning bozor qiymatini hozirda 1,2 mln evro deb baholamoqda. 18 avgust kuni 23 yoshga to'ladigan futbolchi asosan tayanch va markaziy yarimhimoyachi pozitsiyalarida harakat qiladi.
Rahmonalievning so'nggi paytdagi o'yinlari ham Evropa klublari e'tiborini tortishiga xizmat qilgan. U "Sabah"ning Chempionlar Ligasi saralash bosqichidagi muhim uchrashuvlarida asosiy tarkibda maydonga tushmoqda. Xususan, "Orxus"ga qarshi javob bahsida o'zbekistonlik yarimhimoyachi 90 daqiqa harakat qildi, "Sabah" 4:0 hisobida g'alaba qozonib, keyingi bosqichga yo'l oldi.
"Lans" uchun O'zbekiston bozori begona emas. Frantsuz klubi avval ham Abduqodir Husanovni yosh futbolchi sifatida o'z safiga qo'shib, uning Evropadagi o'sishiga katta turtki bergan. Frantsiya matbuoti Rahmonalievga qiziqishni ham aynan shu muvaffaqiyatli tajriba bilan qiyoslamoqda.
Shu tariqa, agar "Lans" qiziqishini rasmiy taklifga aylantirsa, Umarali Rahmonaliev ham Evropaning top-5 chempionatlaridan birida to'p surish imkoniyatiga ega bo'lishi mumkin.
